Kuzatuvchi » Siyosiy » JARIMAGA TORTISH HAQIDAGI QAROR KECH BERILSA, UNI TOʻLAMASLIK MUMKINMI?

JARIMAGA TORTISH HAQIDAGI QAROR KECH BERILSA, UNI TOʻLAMASLIK MUMKINMI?

YOʻL-HARAKATI QOIDALARI BOʻYICHA ISHLARNI KOʻRIB CHIQISHDAGI 7 MUHIM JIHAT

1. Haydovchi kameraga tushsa, jarimani kim toʻlaydi? Mashina egasi yoki uni boshqargan odam?

MJTKga koʻra, huquqbuzarlik kamera (maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari) orqali aniqlansa, maʼmuriy javobgarlikka transport vositasining egasi tortiladi. Agar mashina yuridik shaxsga tegishli boʻlsa, shu mashina biriktirilgan xodimga javobgarlik qoʻllaniladi.

Agarda qoidani mashinani uning egasi emas, balki boshqa kishi, (masalan, ushbu mashinadan foydalanish huquqi berilgan yoki mashinani uning egasi roziligisiz egallab olgan shaxslar) buzgan boʻlsa-chi? Bunday holda mashina egasi qaror ustidan shikoyat berib, oʻsha paytda mashinani oʻzi boshqarmaganligini isbotlab bersa, javobgarlikka tortilmaydi.

2. Qachon tezlikni oshirganlik uchun jarima qoʻllanmaydi?

Ichki ishlar xodimi tezlikni oshirganlik uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirayotganda ruxsat etilgan tezlik va haydovchi harakatlangan tezlikni aniq koʻrsatishi kerak. Masalan, “haydovchi 50 km/s tezlik chegaralangan joyda 95 km/s tezlikda harakatlanib keldi”.

Taʼkidlash kerakki, radar va mashina spidometrlaridagi xatolarni hisobga olib turib, haydovchi harakatlangan tezlikdan soatiga 5 km chegirib tashlangan holda maʼmuriy bayonnoma tuziladi (masalan, radar 85 km koʻrsatsa, 80 km yoziladi). Agarda ushbu talabga amalga qilinmasa, maʼmuriy jazo qoʻllash mumkin emas.

3. Maʼmuriy bayonnomani imzolamaslik mumkinmi? Imzolamasa, nima boʻladi?

Kishi agar rasmiylashtirilayotgan maʼmuriy bayonnomaga rozi boʻlmasa, unga imzo qoʻymasligi mumkin. Shu bilan birga u bayonnomaga nega imzo qoʻymaganligi sabablarini ham yozib qoʻyishga haqli.

Shunga qaramay, bu maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilmasligi va unga jazo qoʻllanilmasligiga sabab boʻlmaydi. Bu holatda ichki ishlar organi xodimi huquqbuzar bayonnomani imzolashdan bosh tortganini yozib qoʻyadi va guvohlar va (yoki) xolislar (2 ta yoki undan ortiq) ishtirokida rasmiylashtiriladi. Agarda ushbu talabga amalga qilinmasa, maʼmuriy jazo qoʻllash mumkin emas.

4. Maʼmuriy ish necha kunda koʻrib chiqilishi kerak? Qaror necha kunda huquqbuzarga beriladi?

Maʼmuriy ish maʼmuriy bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqiladi. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror 3 kun ichida buyurtma pochta orqali huquqbuzarga yuboriladi.

5. Sud huquqbuzar ishtirokisiz unga jarima qoʻllasa, uni toʻlamasa ham boʻladimi?

Sud huquqbuzar ishtirokisiz unga jarima qoʻllasa boʻladi. Faqatgina huquqbuzarni ish qachon va qayerda koʻrib chiqilishi haqida oʻz vaqtida ogohlantirilgan va ogohlantirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar boʻlgan taqdirda. Shuningdek, huquqbuzar ishni koʻrib chiqishni kechiktirish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritmagan boʻlishi lozim.

Agar bu talabga rioya etilmagan taqdirda qaror bekor qilish boʻyicha shikoyat qilish va qarorni bekor qildirish mumkin.

6. Jarimaga tortish haqidagi qaror kech berilsa, uni toʻlamaslik mumkinmi?

Agar maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab 3 oy ijroga qaratilmagan boʻlsa (aytaylik, qaror nusxasi huquqbuzarga topshirilmagan, huquqbuzarning ishlash, yashash joyiga yoki davlat ijrochisiga yuborilmagan boʻlsa va h. k.), u holda bunday qaror ijro etilmaydi.

Ushbu holat boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va aybdor mansabdor shaxsga nisbatan tegishli intizomiy chora koʻrilib, u haqidagi maʼlumot maʼmuriy ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.

7. Umuman, agar qoidabuzarga vaqtida jazo berilmasa, keyinchalik jazolash mumkinmi?

Maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab (davom etayotgan huquqbuzarlik uchun esa huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab) 1-yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

 

Boshqa maqolalar

FAOLIYATNING AYRIM TURLARINI LITSENZIYALASH TALABLARI BEKOR

personmaftuna 05-03-24, 07:22
0 FAOLIYATNING AYRIM TURLARINI LITSENZIYALASH TALABLARI BEKOR QILINMOQDA

Prezident 09.01.2024-yilda PF-8-son «Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va...

AYRIM YOSHLAR TIL O'RGANGANLIGI UCHUN MODDIY

personmaftuna 23-07-24, 14:10
0 AYRIM YOSHLAR TIL O'RGANGANLIGI UCHUN MODDIY RAG'BATLANTIRILADI

Qarorga ko'ra: imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha ingliz, nemis, fransuz,...

ХОРИЖИЙ ТУРИСТЛАР ОҚИМИ ЯНАДА ОШИРИЛАДИ

personmaftuna 31-07-24, 03:05
0 ХОРИЖИЙ ТУРИСТЛАР ОҚИМИ ЯНАДА ОШИРИЛАДИ

“Ўзбекистон Республикасида туризм инфратузилмасини яхшилаш ва хорижий туристлар оқимини янада оширишга қаратилган...

menu
menu