Kuzatuvchi » Siyosiy » OʻQITUVCHILARNI ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISH: KIMLARGA IMTIYOZ BERILGAN?

OʻQITUVCHILARNI ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISH: KIMLARGA IMTIYOZ BERILGAN?

 MUHIM 6 QOIDA

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabariga koʻra bogʻchalar, maktablar oʻqituvchilari uchun navbatdagi attestatsiya 15-apreldan boshlanadi. Qonunchilikda ayrim oʻqituvchilarga attestatsiyadan oʻtmasdan navbatdagi malaka darajasi berilishi belgilangan.

1. Pedagoglarni attestatsiyaga jalb qilishga direktorlar masʼul

Texnikum, kollej, akademik litsey, maktab va bogʻchalarning oliy maʼlumotli pedagoglari har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.

Ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki OTMni bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagoglarga kasbiy faoliyatiga uch yil toʻlgandan soʻng navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʻtkaziladi.

Pedagog kadrlar oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.

Pedagoglarni majburiy attestatsiyaga oʻz muddatida jalb etilishi uchun direktorlar shaxsan javobgar hisoblanadi.

2. Koʻp yillik stajga ega pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydi

Quyidagilar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi:

fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega boʻlganlar;

oliy malaka toifa (bosh oʻqituvchi lavozimi)ga ega boʻlganidan soʻng uni 15-yil saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega boʻlganlar;

pedagogik faoliyat boʻyicha 25-yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlganlar;

yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5-yildan koʻp boʻlmagan vaqt qolganlar;

pensiya yoshiga toʻlganlar;

uch yildan kam ish staji boʻlganlar;

homilador ayollar, ular homilador boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

homiladorlik va tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;

pedagogik faoliyat bilan shugʻullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar;

uzoq (uch oydan ortiq) davolanishni oʻtayotganlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;

respublika va chet el davlatlariga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan pedagoglar;

ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlar asosida raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ajratilgan oʻrinlarga ishga joylashtirilganlar, bu ish joylariga qabul qilingan kundan boshlab uch yil davomida.

3. Majburiy attestatsiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglar, oʻz xohishiga koʻra attestatsiyadan oʻtishi mumkin

Yuqoridagi pedagoglar oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtishlari mumkin.

Mazkur pedagoglarning amaldagi malaka toifalari (lavozimlari) saqlanib qoladi hamda ularga taʼlim tashkilotlarida ishlagan davrida mazkur malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha haq toʻlanadi.

Oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, malaka toifasini (lavozimini) oshirgan yoki saqlab qolgan pedagoglarga oshirilgan yoki saqlab qolingan malaka toifasi (lavozim) boʻyicha haq toʻlanadi.

Oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan oʻta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda boʻlgan malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha haq toʻlanadi.

4. Xalqaro fan olimpiadalarini tayyorlagan oʻqituvchilarga malaka toifasi attestatsiyasiz beriladi

Quyidagi pedagoglarga malaka toifasi toʻgʻridan-toʻgʻri attestatsiyadan oʻtkazilmasdan beriladi:

a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tasdiqlaydigan sport musobaqalarining hamda boshqa sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining:

tuman (shahar) gʻolibini tayyorlagan jismoniy tarbiya pedagoglariga hamda – 2-malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

hududiy bosqich gʻolibini (1-oʻrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya pedagoglariga – 1-malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1 – 3-oʻrin) tayyorlagan jismoniy tarbiya pedagoglariga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

b) jismoniy tarbiya fan olimpiadasining, “Besh tashabbus olimpiadasi”, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli umumrespublika sport musobaqalarining:

tuman (shahar) bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1 – 3-oʻrin) tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga – 2-malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

hududiy bosqich gʻolibi va sovrindorlarini (1 – 3-oʻrin) tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga – 1-malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika (final) bosqichi gʻolibi va sovrindorlarini (1 – 3-oʻrin) tayyorlagan maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

g) xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadalarida oltin, kumush yoki bronza medal sovrindorlarini tayyorlagan pedagoglarga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi);

d) oliy malaka toifasini 15-yil saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan pedagoglarga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).

ye) pedagogik faoliyat boʻyicha 25-yil va undan koʻp ish stajiga ega boʻlgan hamda yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5-yildan koʻp boʻlmagan vaqt qolgan pedagog kadrlarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi).

5. Respublika fan olimpiadasi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar malaka toifasi bir pogʻona oshiriladi

Quyidagi pedagoglarning malaka toifasi bir pogʻonaga oshiriladi:

davlat mukofotlari bilan taqdirlangan pedagoglar;

“Ustoz” milliy mukofoti gʻoliblari;

Worldskills musobaqalari sovrindorlarini tayyorlaganlar;

respublika miqyosidagi fan olimpiadalari va koʻrik-tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlaganlar.

6. Birinchi marta ishga kirganlarga darajasiga qarab malaka toifasi beriladi

Ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagoglarga yoki OTMni bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagoglarga attestatsiyaga jalb etilgunga qadar quyidagi tartibda malaka toifasi (lavozim) beriladi:

bakalavr darajasiga ega pedagog kadrlarga — mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi;

magistr darajasiga ega mutaxassislarga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasiga hamda Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dotsent va professor ilmiy unvoniga ega pedagoglarga — oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi).

Direktorlar pedagoglarni 6 oy oldin attestatsiyadan oʻtish lozimligi toʻgʻrisida yozma xabardor qilishi lozim.


T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

 

Boshqa maqolalar

“TADBIRKORLAR BILAN OCHIQ MULOQOT” ELEKTRON PLATFORMASI

personmaftuna 25-06-24, 23:54
0 “TADBIRKORLAR BILAN OCHIQ MULOQOT” ELEKTRON PLATFORMASI ISHGA TUSHIRILADI

“O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari...

HUDUDLARDA “IT-SHAHARCHA”LAR TASHKIL ETILADI

personmaftuna 23-05-24, 19:19
0 HUDUDLARDA “IT-SHAHARCHA”LAR TASHKIL ETILADI

“Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o'rganish uchun qo'shimcha sharoitlar yaratishga...

TUMAN (SHAHAR) HOKIMLIKLARINING RAQAMLI IQTISODIYOTNI JORIY

personmaftuna 28-03-24, 02:38
0 TUMAN (SHAHAR) HOKIMLIKLARINING RAQAMLI IQTISODIYOTNI JORIY ETISH BO‘YICHA LOYIHALAR MENEJERLARI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-martdagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan Tuman (shahar)...

menu
menu