Kuzatuvchi » Siyosiy » VAFOT ETGAN SHAXSNI OTA SIFATIDA BELGILASH MUMKINMI?

VAFOT ETGAN SHAXSNI OTA SIFATIDA BELGILASH MUMKINMI?

OTALIKNI BELGILASH BOʻYICHA MUHIM 6 QOIDA

Nikohda tugʻilgan bolaning ota-onasiga oid maʼlumotlar nikoh guvohnomasi asosida yoziladi. Nikohda tugʻilmagan bolaning ota-onasiga oid maʼlumotlar-chi? Otalikni belgilashda farzand roziligi olinadimi? Hudud24.uz mazkur maqolada otalikni belgilashning ayrim huquqiy asoslari haqida maʼlumot beradi.

1. Nikohdan ajrashgandan keyin tugʻilgan farzandga ham sobiq er ota sifatida belgilanishi mumkin.

Bola tugʻilgan vaqtida oʻzaro nikohda boʻlgan ota va onadan birining arizasiga koʻra tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlar daftarida ular bolaning ota-onasi deb yoziladi. Ota va ona alohida ariza berishi shart emas, nikoh guvohnomasining oʻzi yetarli hisoblanadi.

Erning oʻlimi, nikohdan ajratilganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan soʻng 300 kunda tugʻilgan bola ham nikohda tugʻilgan bola hisoblanadi. Yaʼni tugʻilgan bolaga garchi nikohdan ajralgandan keyin tugʻilgan boʻlsa ham, oʻsha nikoh guvohnomasidagi otaning ismi OTA sifatida yoziladi.

Nikoh tugaganidan keyin 300 kunda bola tugʻilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan boʻlsa (boshqa erga teggan boʻlsa), bola yangi nikohda tugʻilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi xususida nizolashishi mumkin.

2. Oʻzaro nikohda boʻlmaganda tugʻilgan bolaning otaligi qanday belgilanadi?

Oʻzaro nikohda boʻlmagan holda tugʻilgan bolaning otasini belgilash –oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning FHDYoga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.

Mazkur holatda otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza bolaning tugʻilganligini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tugʻilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Shuningdek, bola tugʻilganidan keyin birgalikda ariza berish imkoni boʻlmay qolishi mumkin degan asos boʻlsa, ona homiladorligi vaqtida ham ariza berilishi mumkin.

3. Qanday hollarda otalik sud tartibida belgilanadi?

Oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilganda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi boʻlmasa otalik sud tartibida belgilanishi mumkin.

Otalikni sud tartibida belgilash ota-onadan birining, bolaning vasiysi (homiysi)ning yoki bola kimning qaramogʻida boʻlsa, shu shaxsning arizasiga, shuningdek bola voyaga yetganidan keyin uning oʻzi bergan arizaga muvofiq amalga oshiriladi.

Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tugʻilishigacha javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy roʻzgʻor yuritganligi yoki ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari, taʼminlab turganliklarini yoki shaxsning otalikni tan olganligini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni eʼtiborga oladi.

4. Vafot etgan shaxsni ham ota sifatida belgilash mumkinmi?

Ha, mumkin. Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan, lekin oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etganda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.

Bunda sud quyidagi ishonchli tasdiqlovchi maʼlumotlarga eʼtibor qaratadi:

bolaning onasi va javobgarning bola tugʻilishiga qadar birgalikda yashaganliklari va umumiy roʻzgʻor yuritganliklari (homila paydo boʻlgan vaqtda va bola tugʻilgunga qadar bitta turar joyda yashash, umumiy byudjet yuritish, birgalikda ovqatlanish, oʻzaro gʻamxoʻrlik, umumiy foydalanish uchun mol-mulk sotib olish va ҳ.к.лар);

bolaning onasi va javobgar bolani birgalikda tarbiya qilganliklari yoki taʼminlab turganliklari – bu ona va javobgar bilan birga yashaganligida yoki javobgarning bola bilan munosabatga kirishib, unga nisbatan otalarcha gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatganligida namoyon boʻladi;

javobgar otalikni tan olganligini ishonchli tasdiqlovchi boshqa dalillar mavjudligi – bunday dalillar sifatida sud ishonchli deb topgan har qanday faktik maʼlumotlar (xatlar, telegrammalar, fotosuratlar, anketalar, arizalar, audio-, videoyozuvlar, ekspertlar xulosasi), u bolaning otasi ekanligini tan olganligini tasdiqlovchi boshqa harakatlar, shuningdek guvohlarning koʻrsatuvlari boʻlishi mumkin. Bunday iqrorlik onaning homiladorligi davrida ham (masalan, bolalik boʻlishni xohlash, boʻlajak bolaning onasi haqida gʻamxoʻrlik), bola tugʻilganidan soʻng ham ifoda etilishi mumkin.

5. Otalikni belgilash uchun daʼvo muddati bormi?

Otalikni belgilashga oid ishlar boʻyicha daʼvo muddati belgilanmagan, otalik bola tugʻilganidan soʻng istalgan vaqtda belgilanishi mumkin.

Bunda shuni eʼtiborga olish kerakki, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan bolaga nisbatan otalik faqat uning roziligi bilan, agar u muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, uning vasiysi yoki vasiylik va homiylik organining roziligi bilan belgilanilishiga yoʻl qoʻyiladi.

6. Otalikni belgilashga oid sud ishi qay tartibda koʻriladi?

Umumiy qoidaga koʻra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi.

Shuningdek, otalikni belgilashga oid ishlarda ishtirok etuvchilarning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar oshkor boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida taraflarning iltimosnomasiga koʻra ish yopiq sud majlisida koʻrilishi mumkin.

!!!MUHIM

Har qanday holatda ham ishga sud baho beradi.

 

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

 

Boshqa maqolalar

HAQ TO‘LANADIGAN JAMOAT ISHLARIGA MAJBURIY RAVISHDA JALB

personmaftuna 29-05-24, 02:58
0 HAQ TO‘LANADIGAN JAMOAT ISHLARIGA MAJBURIY RAVISHDA JALB ETISH

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini...

ATTESTATSIYA NATIJALARI YUZASIDAN MUROJAAT QILISH TARIBI

personmaftuna 30-09-24, 11:57
0 ATTESTATSIYA NATIJALARI YUZASIDAN MUROJAAT QILISH TARIBI QANDAY BO‘LADI ?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan...

АЙРИМ МАКТАБЛАРДА ФАНЛАРНИ ЧЕТ ТИЛИДА ЎҚИТИШ АМАЛИЁТИ ЖОРИЙ

personmaftuna 14-05-24, 01:57
0 АЙРИМ МАКТАБЛАРДА ФАНЛАРНИ ЧЕТ ТИЛИДА ЎҚИТИШ АМАЛИЁТИ ЖОРИЙ ЭТИЛАДИ

Фармонга кўра 2024/2025 ўқув йилидан Агентлик тизимидаги ижод ва ихтисослаштирилган мактабларда: -чет тилини билиш...

menu
menu