Kuzatuvchi » Siyosiy » BILASIZMI?

BILASIZMI?

        Prezident tomonidan 15.11.2023-yildagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-878-son Qonun imzolandi.

               Fuqarolik kodeksiga geografik ko‘rsatkichlar ham intellektual mulk ob’ektlari hisoblanishi to‘g‘risidagi norma kiritilmoqda.

               Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga muvofiq, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoxud o‘tkazganlik, ishlarni bajarganlik yoki xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin (muqaddam faqat jarima, majburiy jamoat yoxud axloq tuzatish ishlari).

               Ushbu harakatlar badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa yoxud:

  • juda ko‘p miqdorda;
  • bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
  • takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

 

Xuddi shu harakatlar odam o‘lishiga sabab bo‘lsa 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi (ilgari 3 yildan 7 yilgacha).

 

Ushbu harakatlar:

  • odamlar o‘limiga;
  • boshqacha og‘ir oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi (ilgari 7 yildan 10 yilgacha).

 

Bundan tashqari, etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

               Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra:

  • sanitariya qonunchiligini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiena normativlarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solinadi (ilgari tegishincha BHMning 1 dan 3 baravarigacha va 5 dan 10 baravarigacha);
  • veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzganlik, epizootiyalarga qarshi kurashish choralarini ko‘rmaganlik uchun   fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (ilgari BHMning ½ baravarigacha), mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (ilgari BHMning ½ baravaridan 2 baravarigacha) jarima belgilanmoqda.

 

Shuningdek, quyidagilar uchun javobgarlik belgilanmoqda:

  • hayvonlarning yuqumli kasalliklari o‘choqlari aniqlanganda cheklovchi tadbirlar (karantin) qoidalarini buzish, shuningdek hayvonlarning bir vaqtning o‘zida ommaviy kasallanishi yoki to‘satdan nobud bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat veterinariya nazorati organlaridan yashirish, ularga xabar bermaslik (BHMning 3 baravari miqdorida jarima);
  • veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning xavfsizligi normalarini hamda ularni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish qoidalarini buzish (huquqbuzarlik quroli va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi). 

               Shuningdek, o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda. 

               Qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun bir yil muddatga litsenziyani olish ёki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjatni berishda rad etishga asos bo‘ladi. 

               Jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilsa, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa litsenziya va ruxsat beruvchi hujjat bekor qilinadi. 

               Pivo (pivo ichimliklari) bilan ulgurji savdo qilishga, shuningdek tamaki mahsulotlari bilan chakana va ulgurji savdo qilishga doir faoliyatni amalga oshirish uchun xabardor qilish tartibi belgilanmoqda.

 

S.BERDIQILICHOV,

Urganch tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti.

Boshqa maqolalar

SOLIQ ORGANLARINING HUQUQLARI

personmaftuna 19-03-24, 00:52
0 SOLIQ ORGANLARINING HUQUQLARI

Soliq organlari quyidagilarga haqli: soliq to‘lovchilardan va uchinchi shaxslardan soliqlarni va yig‘imlarni hisoblab...

UY-JOY UCHUN SUBSIDIYA OLISH TARTIBLARI OʻZGARTIRILDI.

personmaftuna 29-06-24, 07:02
0 UY-JOY UCHUN SUBSIDIYA OLISH TARTIBLARI OʻZGARTIRILDI. NIMALARNI BILISH KERAK?

2024-yilda ipoteka krediti ajratish, aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid Prezident Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra...

MK «OʻQISH TA’TILLARI» UCHUN QANDAY MUDDATLARNI NAZARDA

personmaftuna 28-06-24, 08:42
0 MK «OʻQISH TA’TILLARI» UCHUN QANDAY MUDDATLARNI NAZARDA TUTADI?

OTMlarda ta’lim olayotgan хodimlarga oʻqish yili va shakliga qarab turli davomiylikdagi oʻrtacha oylik ish haqi...

menu
menu