Kuzatuvchi » Siyosiy » HIMOYA ORDERINI QANDAY OLISH MUMKIN? MUHIM 8 QOIDA

HIMOYA ORDERINI QANDAY OLISH MUMKIN? MUHIM 8 QOIDA

 

Qonunchilikka koʻra, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi beriladi. Orderni olish tartibi qanday? Buning uchun nimalar asos boʻladi? Zoʻravonlik haqida xabar bergan shaxslar sir saqlanadimi? Order talablari bajarilmasa nima boʻladi? Hudud24.uz shular haqida batafsil maʼlumot beradi.

1. Himoya orderi nima?

Himoya orderi — bu tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan tegishli choralar qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat hisoblanadi.

2. Order kim tomonidan beriladi?

Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.

3. Himoya orderini berish uchun nimalar asos boʻladi?

Quyidagilar himoya orderini berish uchun asos hisoblanadi:

- tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;

- jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, OAV yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;

- tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;

- davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

4. Qancha muddatga beriladi?

Himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.

5. Order bilan nimalarga cheklov qoʻyiladi?

Himoya orderida quyidagi cheklovlar nazarda tutilishi mumkin:

- tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;

- tazyiq oʻtkazgan yoki zoʻravonlik sodir etgan shaxsning jabrlanuvchilar bilan aloqasini taqiqlash (ish joylarida va taʼlim muassasalarida jabrlanuvchining tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxs bilan bilvosita aloqasiga yoʻl qoʻyiladi);

- tazyiq oʻtkazilgan va zoʻravonlik sodir etilgan taqdirda jabrlanuvchining hamda tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;

- tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga jabrlanuvchini davolash, unga maslahat berish, uni tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish uchun xarajatlarning, yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash, shuningdek, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyatini yuklash;

- tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning qurolni (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurish huquqini himoya orderining amal qilishi yoki unda koʻrsatilgan muddat davrida cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek, qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.

6. Zoʻravonlik haqida xabar bergan shaxslar sir saqlanadimi?

Ha, albatta. Tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida habar bergan shaxslar hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻriqlanadi.

7. Himoya orderi muddatini uzaytirsa boʻladimi?

Order amal qilishi davrida xavf bartaraf etilmagan boʻlsa, uning muddati jabrlanuvchining arizasiga koʻra 1-yilgacha muddatga jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan uzaytirilishi mumkin. Muddat uzaytirilgan davrda zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga qoʻshimcha cheklovlar yoki profilaktik chora-tadbirlar belgilanishi mumkin.

8. Order talablari bajarilmasa nima boʻladi?

Zoʻravonlik sodir etgan shaxslar tomonidan himoya orderi talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlangan taqdirda profilaktika inspektori tomonidan oʻz vakolati doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik, BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

T. O‘RAZBOYEV, 

Tuproqqal’a tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

Boshqa maqolalar

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTINING KUZATUV KENGASHI

personmaftuna 28-06-24, 23:46
0 MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTINING KUZATUV KENGASHI VAZIFALARI ?

Maktabgacha ta’lim tashkilotining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida[O‘zbekiston...

HUDUDLARNING MASTER-REJALARI QAYSI HOLLARDA ISHLAB CHIQILADI

personmaftuna 29-09-24, 21:16
0 HUDUDLARNING MASTER-REJALARI QAYSI HOLLARDA ISHLAB CHIQILADI

Vazirlar Mahkamasining 2024 - yil 12 - avgustdagi 497-son qarori bilan Hududning master-rejasini ishlab chiqish,...

BILASIZMI?

personmaftuna 29-04-24, 01:49
0 BILASIZMI?

Qonunchilikka ko'ra, 2024-yilda o'rmon fondining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko'chat...

menu
menu