Kuzatuvchi.uz / FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI YOZISH BO‘LIMLARINING VAZIFALARI

FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMALARINI YOZISH BO‘LIMLARINING VAZIFALARI

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining vazifasi jismoniy va yuridik shaxslarga fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishdir.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish arxivlarining vazifasi jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘chirma, nusxa va boshqa ma’lumotnomalar berish yo‘li bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishdir.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari ularga yuklatilgan vazifaga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga o‘zgartirish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritadi;

fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining hisobini yuritadi;

fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini va qonunda belgilangan boshqa hujjatlarni saqlanishini ta’minlaydi;

fuqarolarga (o‘zlariga nisbatan tuzilgan dalolatnoma yozuvlari bo‘yicha) fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari qayd qilinganligi haqida guvohnomalar, zarur hollarda takroriy guvohnomalar va ma’lumotnomalar beradi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik), sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ish yurituvida mavjud bo‘lgan ishlar munosabati bilan notariuslar, shuningdek Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi konsullik muassasalarining yozma so‘rovnomalariga binoan dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar yoki ulardan ko‘chirmalar va ma’lumotnomalar beradi;

zarur hollarda mudofaa ishlari bo‘limlari, sog‘liqni saqlash organlari, bandlikka ko‘maklashish markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limlari va boshqa vakolatli idoralarning so‘rovlariga asosan yig‘ish, umumlashtirish yoki taqqoslash maqsadlarida dalolatnoma yozuvlaridan alohida ma’lumotlar beradi;

qat’iy hisobda turuvchi gerbli guvohnoma blanklarini hisobga olish, saqlash, sarflashning hisobini yuritadi va bu haqda belgilangan muddatlarda hisobotlar topshiradi;

belgilangan shakllar bo‘yicha statistik hisobotlarni yuritadi;

fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining elektron ma’lumotlar bazasini yuritadi;

murojaatlarni belgilangan muddatlarda va tartibda ko‘rib chiqadi;

oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shuningdek fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish masalalari yuzasidan huquqiy targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib boradi.

X.MADAMINOVA,

 Yangibozor tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudirasi.

12-03-2024, 17:40
Saytga qaytish